XALQARO VEBINAR TALABALAR UCHUN O‘ZIGA XOS YO‘L XARITASI BO‘LDI

XALQARO VEBINAR TALABALAR UCHUN O‘ZIGA XOS YO‘L XARITASI BO‘LDI

Ko'rildi 125 Yangiliklar

Qo‘qon universitetining ilmiy-tadqiqot departamenti tashabbusi bilan professor-oqituvchilar va talabalar uchun “Koreya ta’lim tizimi: O‘zbekistonlik talabalar uchun yo‘l-xaritasi” mavzusida Xalqaro vebinar o‘tkazildi.

Vebinarda  ishtirokchilarga Qo‘qon universitetining ilmiy ishlar bo‘yicha prorektori, yuridik fanlari doktori Bexzod Ochilov xalqaro ilmiy jurnallarga eksperimental tadqiqot natijalarini tavsiflovchi ilmiy maqolalar tayyorlash talablari, universal standartga aylangan IMRAD формати (IMRAD – Introduction, Methods, Results and Discussion, ya’ni Kirish, Usullar, Natijalar va Munozara), maqolani bazalarda qidirish uchun kerakli  keywords ( kalit so‘zlar), references (iqtiboslar), hash indeksi haqida atroflicha ma’lumotlar berdi.

Koreya Respublikasining Yonnam (Yeungnam) universiteti professori, PhD Alisher Dedahanov Janubiy Koreya universitetlaridagi akademik kredit tizimi, bakalavr va magistratura, PhD, talabalarni baholash va o‘qituvchilarning dars berish faoliyatlariga baho berish tizimlari haqida ma’lumotlar berdi. Yosh, ilmiy izlanuvchi o‘qituvchilar va talabalar uchun qimmatli ma’lumotlar berish bilan birga, O‘zbekiston oliy ta’lim tizimiga tatbiq etish uchun o‘z takliflarini bildirdi.

Vebinarda Koreya Respublikasining Kyong Xi (Kyung Hee) universiteti lektori, PHD nomzodi Armigon Ahmedovning “Кредитно-модульная система: Университет Кёнг Хи” mavzusidagi ma’ruzasi tinglandi.

Shuningdek, vebinarda Qo‘qon universiteti ilmiy-tadqiqot departamenti boshlig‘i, Xalqaro MBA daraja egasi Ibrohim Umarov “Chonnam Milliy Universitetida MBA malaka darajasini olish va o‘quv tizimi” mavzusida, Master of Business Administration daraja egasi, Qo‘qon universitetining ta’lim kafedrasi ingliz tili o‘qituvchisi Nodirxon Sharafutdinov “Solbridge Universitetida MBA malaka darajasini olish va o‘quv tizimi” haqida slaydlar va videomateriallar asosida qiziqarli ma’lumotlar taqdim etdilar.

Ushbu vebinar yosh ilmiy tadqiqotchi-o‘qituvchilar va xorijiy universitetlarda ta’lim olish istagidagi talabalar uchun o‘ziga xos yo‘l xaritasi vazifasini bajardi. Xalqaro vebinar ma’ruzachilari – xorijda ta’lim olib, PhD darajalariga erishgan, Janubiy Koreyaning nufuzli universitetlarida faoliyat yuritayotgan o‘zbek yigitlarining bosib o‘tgan ilmiy yo‘llari ham talabalarga saboq bo‘ldi.

Barcha ma’ruzachilarga Xalqaro vebinar Sertifikati topshirildi.