“Yor-yor” badiiy filmi 55 yoshda
Poytaxtimizdagi “Zarafshon” konsert zalida “Yor-yor” badiiy filmi suratga olinganligining 55 yilligi munosabati bilan badiiy kecha oʻtkazildi.
Elimiz ardogʻidagi sanʼatkorlar, xorijiy mehmonlar, kino ixlosmandlari ishtirokidagi tadbirda “Oʻzbekkino” milliy agentligi bosh direktori Firdavs Abduxoliqov, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan sanʼat arbobi Ali Hamroyev, Oʻzbekiston xalq artisti Bahtiyor Ixtiyorov va boshqalar nodir kartinaga aylangan “Yor-yor” filmi va uning suratga olish jarayoni haqida gapirdi.
Insonlar ana shunday samimiy ruhdagi filmlarni sogʻingani, tomoshabinlar uchun fan va texnika taraqqiy etgan davrda ham insoniy pok tuygʻular, bachkanalikdan holi, hazil-mutoyibaga boy filmlarni koʻrishga ishtiyoq boʻlishi taʼkidlandi.
– Oʻsha davrlar insonlar yangi filmni olamshumul kashfiyot deb bilishardi, – dedi Oʻzbekiston xalq artisti Baxtiyor Ixtiyorov. –Aslida ham filmlar ana shunday kashfiyotdek yaralardi. Aktyorlar esa kasbga shunchalar mehr berardiki, hatto ijro etishi kerak boʻlgan obrazlarida yashardi. Men ham “Yor-yor” filmidagi obrazimda ancha vaqt yashaganman. Kartina meni tomoshabinga yanada yaqinroq tanitgan, isteʼdodimni namoyon qilishga kengroq imkon bergan. Ustoz Soyib Xoʻjayevdan koʻp narsa oʻrganganman. Film yaralishi jarayonida ahil va talabchan jamoa shakllangandi. Hamma oʻz ishini bilib-bilib bajarardi. Suratga olish jarayonlaridagi duch kelingan barcha qiyinchiliklar yaxshi film olinishiga toʻsqinlik qilolmagan.
“Yor-yor“ badiiy filmi rejissyor Ali Hamroyev tomonidan “Oʻzbekfilm“ kinostudiyasida 1964-yil suratga olingan. Filmda bosh rollarni xalqimiz suygan aktyorlar Soyib Xoʻjayev hamda Baxtiyor Ixtiyorovlar ijro etgan.
Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan sanʼat arbobi (1969), Hamza nomidagi davlat mukofoti laureati Ali Hamroyev “Yor-yor”, “Vodillik kelin”, “Dilorom”, “Yettinchi oʻq”, “Soqchi”, “Favqulodda komissar”, “Kobuldagi jazirama”, “Bo Ba Bu”singari 50 dan ortiq filmlarning ssenariy muallifi va rejissyori.
Tadbirda kartinadan lavhalar namoyish etildi.