Mumtoz musiqa oqshomi
Oʻzbekiston davlat konservatoriyasida xalqimizning ardoqli xonandasi, Oʻzbekiston xalq artisti Munojat Yoʻlchiyeva ishtirokidagi konsert dasturi boʻlib oʻtdi.
Munojot Yoʻlchiyeva dunyo sanʼat ixlosmandlariga oʻzbek milliy musiqasi, maqom sanʼatini yuksak saviyada taqdim etib kelayotgan xonanda sanaladi.
Andijon viloyatining Buloqboshi tumanida kamolga yetgan M.Yoʻlchiyeva bolalikdan milliy mumtoz sanʼatimizga oshno boʻlib ulgʻaydi.
Uning ijrosi gʻoyat mukammalligi, samimiyati, milliy sanʼatimizning boy maktab va anʼanalariga tayanilgani, eng muhimi esa doimo jonli ijroga asoslangani bilan qadrlidir.
Munojat Yoʻlchiyevaning ijrosi nainki yurtimizda, balki jahonning koʻplab davlatlarida yuksak eʼtirof etilgan.
Dunyoning nufuzli konsert zallarini koʻp bora zabt etgan sanʼatkor bu galgi konsertda ham musiqa ixlosmandlariga quvonch ulashdi.
Konsertda shuningdek, Oʻzbekiston davlat konservatoriyasining “Maqom xonandaligi“ kafedrasi oʻqituvchisi Mamlakat Ulasheva hamda ushbu oʻquv dargohi magistranti Sayyod Joʻrayev ishtirok etdi. Mansur Voisov rahbarligidagi sozandalar ansamblining ijrosi konsertga yanada fayz bagʻishladi.