Madaniyat va san’at xalqlarni birlashtiradi

Madaniyat va san’at xalqlarni birlashtiradi

Ko'rildi 125 Yangiliklar

O‘zbekiston va Tojikiston xalqlarini ko‘p asrlik do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik, yagona din, o‘xshash madaniyat, urf-odat va an’analar bir-biriga mustahkam bog‘lab turadi.
Prezidentlarning siyosiy irodasi va uzoqni ko‘zlab yuritayotgan oqilona siyosati tufayli so‘nggi yillarda mamlakatlarimizning ko‘p qirrali hamkorligi yangi bosqichga ko‘tarildi, xalqlarimiz do‘stligi mustahkamlandi.
photo5364076603090513070.jpg
Tojikiston Respublikasida o‘tkazilgan O‘zbekiston madaniyati kunlari tadbirlarida ana shu do‘stona aloqalar va birodarlik yana bir bor namoyon bo‘ldi.
Ikki tomonlama hamkorlikni, xalqlarimiz o‘rtasida do‘stlik munosabatlarini yanada mustahkamlashga xizmat qiladigan O‘zbekiston madaniyati kunlari tadbirlari doirasida ko‘plab madaniy tadbirlar, uchrashuv va festivallar, ko‘rgazmalar bo‘lib o‘tdi.
photo5361698299310091389.jpg
Tojikistonda O‘zbekiston madaniyati kunlarining tantanali yopilish marosimi “Do‘stlik kechasi” deb nomlangan konsert dasturi bilan yakunlandi. S.Ayniy nomidagi opera va balet akademik davlat teatri foyesida O‘zbekistoning madaniy merosi va xalq hunarmandchilik mahsulotlarining ko‘rgazmasi tashkil etildi. Unda yangilanayotgan O‘zbekistonning fotosuratlari ham namoyish etildi.
“Do‘stlik kechasi” konsert dasturida o‘zbekistonlik va tojikistonlik san’at ustalari tomonidan ijro etilgan kuy-qo‘shiq, jozibali raqslar barchani mamnun etdi. Haqiqatdan ham do‘stlik kechasiga aylangan tadbir madaniyat va san’at xalqlarni birlashtirishini yana bir bor isbotladi.
O‘zbekiston Madaniyat vazirligi
Matbuot xizmati